
- 1
- 13.03.2026 16:24:00
- 2 мин оқу
Bugun, 13-mart kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda prezident Xalq qabulxonalari samaradorligi bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi. Boisi Xalq qabulxonalari yangi ochilganida murojaatlarning 90-95 foizi shikoyat shaklida bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib, 60-65 foizga tushib ketgani aytildi.
Endi hokimlar arizada ko‘tarilgan masalani hal qilishning o‘zi bilan cheklanmasdan, muammoning kelib chiqish sababi bilan ishlashi kerakligi ta’kidlandi.
Shu bois, sohada yangi tizim joriy qilinib, Xalq qabulxonalari faqatgina ariza qabul qiluvchi organ emas, balki hududdagi muammolarni diagnostika qiladigan markaz bo‘lishi belgilandi.
Prezidentimiz yangi tizim qanday ishlashini Qarshi shahri misolida tushuntirib berdi.
O‘tgan yili Xalq qabulxonasiga Qarshi shahri aholisidan kelib tushgan 11 mingta murojaat tahlil qilindi.
Misol uchun, Qarshi shahridagi 255 nafar odam aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurganining sabablari o‘rganilganda ularning 193 nafari kasb-hunari bor bo‘lgani bilan ishsiz ekani, yana 62 nafari daromadini kamaytirib ko‘rsatayotgani aniq bo‘ldi.
Bu jarayonda hokimlik, banklar va hokim yordamchilari, shahar bandlik va MIB bo‘limlari birgalikda ishlab, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qiladi, ishsizlarni hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi vakant o‘rinlarga joylashtiradi. Xorijda ishlash istagida bo‘lgan aliment to‘lovchilar bilan uch tomonlama shartnoma tuzib, til va kasbga o‘rgatib, xorijga yuqori daromadli ishlarga yuboradi.
Shahar soliq inspeksiyasi esa Bosh prokuratura departamenti bilan birgalikda daromadini yashirib kelayotganlarning faoliyatini “soyadan” chiqaradi.
Shunda aliment to‘lovchilar qaramog‘ida bo‘lgan 700 ga yaqin bolaning moddiy ta’minoti o‘zgarishi ta’kidlandi.
Shuningdek, Qarshi shahridagi murojaatlarning 146 tasi oylik maoshlar kechikayotgani bilan bog‘liq.
Hokimning birinchi o‘rinbosari oylik to‘lamayotgan tashkilotlarning moliyaviy ahvolini tahlil qilib, xomashyo, aylanma mablag‘, infratuzilma, bozor topish bilan bog‘liq masalalarini hokimning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari va banklar bilan hal qilib beradi.