Jahongir Otajonovni 2,3 mlrd so‘mga “uxlatgan” san’atkor 8 yilga qamaldi

Jahongir Otajonovni 2,3 mlrd so‘mga “uxlatgan” san’atkor 8 yilga qamaldi
  • 11
  • 18.11.2025 09:31:00
  • 1 мин оқу

Jahongir Otajonov uzoq yillardan beri tanish bo‘lgan qashqadaryolik xonanda X.H. tomonidan firibgarlikka uchragani aniqlandi. Otajonovning aytishicha, ular konservatoriya yillaridan tanish bo‘lgan, aka-ukadek bo‘lib ketgan, ammo X.H. uning ishonchini suiiste’mol qilib, 2017-yildan boshlab ketma-ket firibgarliklar sodir etgan. Sud jarayoni 2025-yil 14-noyabr kuni bo‘lib, X.H. 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Xonanda X.H.ning firibgarlik harakatlari oqibatida Jahongir Otajonov 195 ming dollar (2,337 mlrd so‘m) miqdorida zarar ko‘rgan. U Otajonovning Lexus mashinasini 34 ming dollar qarzdorlik bilan olib, pulni qaytarmagan. Toshkent va Qashqadaryodagi to‘ylardan berilgan 1 000 va 5 000 dollarlik gonorarlarni ham o‘zlashtirib olgan. Shuningdek, BMWni 83 ming dollarga sotib olayotganda atigi 15 ming dollar to‘lab, qolgan pulni bermagan va mashinani boshqa shaxs nomiga o‘tkazgan. Uyning savdosida 35 ming dollar o‘rniga 30 ming dollarni bergan, yana bir uyning 1,18 sotix qismini noqonuniy ravishda o‘z nomiga o‘tkazib, keyinchalik sotib yuborgan. Yana bir uy epizodida esa Otajonovga 32 ming dollar zarar yetkazgan.

X.H. sudda aybini qisman tan olib, pullarni san’atdagi faoliyati uchun sarflaganini aytgan va pushaymonligini bildirgan. Sud qaroriga ko‘ra, u 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi, yetkazilgan zarar undiriladigan bo‘ldi. Shuningdek, X.H. nomiga rasmiylashtirilgan Toshkentdagi ikki xonadon musodara qilinib, sotuvdan tushgan mablag‘ jabrlanuvchiga qoplashga yo‘naltiriladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News