
- 3
- 19.11.2025 14:54:00
- 2 мин оқу
Rossiyada sud 33 yoshli O‘zbekiston fuqarosini kar-soqov moskvalikni o‘ldirgani uchun shartli jazoga hukm qildi. Qaror jamoatchilikda katta muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Marhumning qarindoshlari ayblanuvchilarning bunday yengil jazo olishini diaspora (chet davlatlarda yashovchi milliy guruh) aralashuvi bilan bog‘lamoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, voqea 23-iyul kuni sodir bo‘lgan. Kar-soqov jabrlanuvchi chiqindi konteynerlari yonida metall izlayotgan ikki erkakka imo-ishoralar bilan tanbeh bergan. Natijada, migrantlardan biri moskvalikni bir necha bor qo‘li va oyog‘i bilan urgan. Erkak yiqilib, boshidan olgan jarohati oqibatida voqea joyida vafot etgan. So‘ng erkaklar jasadni chetroqqa sudrab, jinoyatga aloqadorliklarini yashirishga uringan. Tez orada ular qo‘lga olinib, biri asosiy ayblov, ikkinchisi esa jinoyat izlarini yashirish moddasi bilan javobgarlikka tortilgan. Dastlab tergov gumonlanuvchining harakatlarini “ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga olib kelgan qasddan tan jarohati yetkazish” deb hisoblagan edi. Biroq keyinchalik ayblov “ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish” moddasiga o‘zgartirilgan. Aynan shu hukmning yengillashishiga asos bo‘lgan. Marhumning yaqinlari sud qarorini keskin tanqid qildi. Ularning aytishicha, kar-soqov erkak mojaro chiqarishga qodir bo‘lmagan. “Qanchalik tushunsak, bu yerda diaspora aralashuvi bo‘lgan. Avval modda o‘zgartirildi, hukm oldidan bir kun avval prokuror bizga qo‘ng‘iroq qilib, modda o‘zgargani sababli unga (ayblanuvchiga) bir yil shartli jazo berilishi va ozod qilinishi mumkinligini aytib ogohlantirdi. Bu bizni cho‘chitdi va sudda aynan shunday bo‘ldi. Sudya chiqdi, hukmni o‘qidi va darhol zalni tark etdi”, — deydi marhumning qizi.