
- 4
- 16.11.2025 15:09:00
- 1 мин оқу
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 16-noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni dono, uzoqni ko‘ra biladigan rahbar sifatida e’tirof etdi.
Aliyevning aytishicha, Mirziyoyev nafaqat dono davlat arbobi, balki O‘zbekiston—Ozarbayjon munosabatlarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan insondir. “Ozarbayjonda uni amaliy ishlari va samimiy munosabati uchun hurmat qilishadi va yaxshi ko‘rishadi”, dedi u.
Ozarbayjon rahbari Mirziyoyevning strategik qarashlari tufayli Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanayotganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lidan ishonch bilan borayotgani, keng ko‘lamli islohotlar va yirik loyihalar uni mintaqaning yetakchi davlatlaridan biriga aylantirgani qayd etildi.
Ilhom Aliyev Maslahat uchrashuvida ketma-ket uchinchi bor faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Bu yilgi sammitda Ozarbayjonni Mazkur formatning to‘la huquqli a’zosi sifatida qabul qilishga qaror qilindi va bu barcha davlat rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.