
- 1
- 23.10.2026 11:31:00
- 1 daq o'qish
Yaponiyalik 6 yoshli Illumi Maeda klubda bir soatdan ortiq DJ sifatida chiqish qilib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi.
DJ Illu taxallusi bilan tanilgan qiz Kanagava prefekturasining Yokohama shahridagi klubda o‘z musiqiy dasturini taqdim etdi. Ginnesning rekordlar kitobi ma’lumotlariga ko‘ra, u klubda DJ-set ijro etgan dunyodagi eng yosh DJ sifatida e’tirof etildi.
Illumi DJlikni uch yoshida boshlagan. Unga bu san’at sirlarini onasining DJlik bilan shug‘ullanuvchi do‘stlari o‘rgatgan. Qizning aytishicha, musiqa uning hayotida bolaligidan muhim o‘rin tutadi.
Yosh DJning asosiy ilhom manbalaridan biri — mashhur shvetsiyalik DJ Avicii ijodi. Illumi kelajakda o‘z musiqasi orqali insonlarning kayfiyatini ko‘tarish va qiyin damlarda ularga dalda berishni maqsad qilgan.
Endilikda u dunyoning turli mamlakatlaridagi musiqa festivallarida chiqish qilishni va DJlik bo‘yicha yana bir Ginnes rekordini o‘rnatishni orzu qilmoqda.
Manba: Guinness World Records, Afisha Daily.