
- 4
- 13.10.2026 12:13:00
- 2 daq o'qish
Chirchiq shahrida kaltaklash bilan bog‘liq jinoyatni yashirish va ishni jabrlanuvchi foydasiga emas, aybdorlar manfaatiga hal qilish evaziga pul olgan ikki nafar ichki ishlar organi xodimi 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2026-yil 17-fevral kuni Chirchiqdagi kafelardan birida yuzaga kelgan janjal ortidan Sh.M. ismli fuqaro bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklangan. U shifoxonaga olib borilganidan so‘ng, holat yuzasidan tekshiruv boshlangan.
Ishni yuritgan profilaktika inspektori D.R. va Chirchiq shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i N.A. jabrlanuvchining arizasini qaytarib olishi va ishni tugatish evaziga 3 ming dollar talab qilgan. 2026-yil 18-fevral kuni ular kelishilgan puldan 2 700 dollarni olgan. Shundan 1 700 dollari o‘zaro taqsimlangan, 1 000 dollari esa jabrlanuvchiga berilgan. Keyinchalik holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror chiqarilgan.
Sud guvohlarning ko‘rsatmalari, telefon suhbatlari va boshqa dalillar asosida har ikki xodimning aybini tasdiqlangan deb topdi. Ular pora olish, dalillarni soxtalashtirish va jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish bilan bog‘liq moddalarda aybdor deb topildi. Sud hukmi bilan har ikki sobiq IIB xodimiga 3 yil davomida ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum etgan holda 6 yil qamoq jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.
Mazkur ishga aloqador "Islom buxarskiy" laqabli I.Saidov va yana besh kishi ham qo‘lga olingan. Hozirda ularga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda.