“Forsaj” asosida teleserial suratga olinadi

“Forsaj” asosida teleserial suratga olinadi
  • 6
  • 02.10.2026 14:09:00
  • 1 мин оқу

Peacock striming platformasi mashhur “Forsaj” (“Fast & Furious”) franshizasi asosida teleserial suratga olishni buyurtma qildi. Loyiha ustidagi ishlar yil boshidan beri davom etmoqda. Serialning premyerasi 2028-yilga rejalashtirilgan bo‘lib, u “Forsaj: Abadiyat” (“Fast Forever”) filmi bilan taxminan bir vaqtda namoyish etiladi. Bu haqda Variety xabar berdi.

Yangi loyihaning ijrochi prodyuserlari Vin Dizel, Sem Vinsent, Nil H. Morits, Pavun Shetti, Jeff Kirshenbaum va Kris Morgan bo‘ladi. Mayk Deniels va Vulf Koulman esa serialning birinchi qismi ssenariysini yozadi hamda loyiha shourannerlari sifatida ishlaydi.

Vin Dizel teleserial yaratilishi haqida ilk bor may oyida ma’lum qilgan edi. Aktyorning aytishicha, muxlislar “Forsaj” qahramonlarining yangi hikoyalarini televizion formatda ko‘rishni anchadan beri kutishmoqda. Ijodkorlar esa franshizani yangi formatga ko‘chirish uchun mos vaqtni kutgan.

“Forsaj” olamida teleserial yaratilishi birinchi marta emas. 2019–2021-yillarda Netflix “Forsaj: Josus-poygachilar” animatsion serialini namoyish etgan. Olti fasldan iborat ushbu loyiha franshizaning televizion formatdagi ilk ishlanmalaridan biri bo‘lgan.

Biroq 2028-yilda namoyish etilishi rejalashtirilgan yangi loyiha “Forsaj” olamidagi ilk badiiy teleserial bo‘ladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News