
- 3
- 24.09.2026 13:08:00
- 1 мин оқу
Rossiyalik reper Jigan (Denis Ustimenko-Vaynshteyn) Moskva viloyatidagi uyida qurolli mojaro sodir etgani haqida xabarlar tarqaldi. Voqea 3-iyuldan 4-iyulga o‘tar kechasi yuz bergani, tafsilotlar esa yaqinda oshkor bo‘lgani aytilmoqda.
Mash nashri ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa “Shato Soveren” kottejlar shaharchasida sodir bo‘lgan. Reper “Sayga-9” karabini bilan qurollanib, uy xodimlari va qo‘riqchilarni mehmonxonaga yig‘gan hamda ularni turli jinoyatlarda ayblagan.
Nashrning yozishicha, mojaro davomida Jigan qo‘riqchilardan biriga qarata o‘q uzgan. Erkak qo‘l va oyog‘idan jarohat olgani aytilmoqda. Shuningdek, reper boshqa xodimlar tomon ham o‘q uzgani iddao qilingan.
Hodisa vaqtida Jiganning farzandlari ham uyda bo‘lgan. Mash'ga ko‘ra, ular yashirinishga majbur bo‘lib, xorijda bo‘lgan onasi Oksana Samoylova bilan bog‘langan. Nashr Samoylova voqea yuz berganini tasdiqlaganini bildirgan.
O‘q ovozlarini eshitgan qo‘shnilar ortidan voqea joyiga politsiya, posyolka qo‘riqchilari va reperning tanishlari yetib kelgan. Xabarga ko‘ra, Jigan keyinchalik qurolsizlantirilgan.
Mash, shuningdek, reperning uy xodimlari bilan avval ham nizolari bo‘lganini sobiq xodimlardan birining so‘zlariga tayanib yozmoqda.
Hozircha hodisaning barcha tafsilotlari bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rasmiy bayonoti keltirilmagan. Shu sababli nashrlarda bildirilgan ayrim da’volar mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.